• Uzbek
  • Russian
  • English
 
Asosiy arrow Baholash (reayting) tizimi  
19.01.2020 .
Baholash (reyting) tizimi
Baholash (reyting) tizimi

Baholash(reyting) tizimi

O'zbekiston Respublikasi

Qishloq va suv xo'jaligi vazirligi

Samarqand qishloq xo'jalik instituti

 

«TASDIQLAYMAN»

 Institut rektori, professor

______________T.E.Ostonaqulov

«_____»__________ 2010 yil

 Samarqand qishloq xo'jalik institutida talabalar bilimi baholashning reyting tizimi to'g'risida

NIZOM

SAMARQAND 2012

   O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligining 2010 yil 25- avgustdagi 333-son buyrug'i bilan tasdiqlangan va O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan 2010 yil 26 avgust 1981-1-son bilan  ro'yxatdan o'tkazilgan "Talabalar bilimini nazorat qilish va baholashning reyting tizimi to'g'risidagi Nizom" asosida o'zgartirishlar va qo'shimchalar kiritish bilan qayta  ishlab chiqildi va undan  institutimizda talabalar bilimi baholashda me'yoriy hujjat sifatida foydalaniladi.

 

Nizom institut markaziy uslubiy kengashida ko'rib chiqilgan va ijro uchun tavsiya etilgan (bayonnoma     ) 2010 yil     sentyabr.

Nizom institut Ilmiy Kengashida muhokama qilingan va tavsiya etilgan (bayonnoma   ) 2010 yil        sentyabr. 

Samarqand qishloq xo'jalik institutida talabalar bilimini nazorat qilish va baxolashning reyting tizimi to'g'risida

NIZOM

(Ushbu Nizom O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligining 2009 yil 11 iyundagi 204-son buyrug'i bilan tasdiqlangan va O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2009 yil 10 iyulda 1981-son bilan davlat ro'yxatidan o'tkazilgan.

Topshiriqka muvofiq O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligining 2010 yil 25 avgustdagi 333-son buyrug'i bilan Nizomga o'zgartirish va ko'shimchalar kiritilgan hamda O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2010 yil 26 avgustda 1981-1-son bilan davlat ro'yxatidan qayta o'tkazilgan.)

Mazkur Nizom O'zbekiston Respublikasining "Ta'lim to'g'risida"gi (O'zbekistsn Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997 y., 9-son, 225-modda) va "Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to'g'risida"gi (O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997 y., 11-12-son, 295-modda) konunlariga hamda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 16 avgustdagi 343-son "Oliy ta'limning davlat ta'lim standartlarini tasdiqlash to'g'risida" qaroriga (O'zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to'plami, 2001 y., 15-16-son, 104-modda) muvofiq oliy ta'lim muassasalarida talabalar bilimini nazorat qilish va baholashning reyting tizimini tartibga soladi.

I. Umumiy koidalar

1.   Talabalar bilimini nazorat kilish va reyting tizimi orqali baxolashdan maqsad ta'lim sifatini boshqarish orqali raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga erishish, talabalarning fanlarni o'zlashtirishida bo'shliqlar hosil bo'lishini oldini olish, ularni aniqlash va bartaraf etishdan iborat.

2.    Reyting tizimining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

a)   talabalarda Davlat ta'lim standartlariga muvofiq tegishli bilim, ko'nikma va malakalar shakllanganligi darajasini nazorat qilish va tahlil qilib borish;

b)   talabalar bilimi, ko'nikma va malakalarini baholashning asosiy tamoyillari Davlat   ta'lim   standartlariga   asoslanganlik,   aniqlik,   haqqoniylik   ishonchlilik va qulay shaklda baholashni ta'minlash;

v)   fanlarning talabalar tamonidan tizimli tarzda va belgilangan muddatlarda o'zlashtirilishini tashkil etish va tahlil kilish;

g) talabalarda   mustaqil   ishlash   ko'nikmalarini   rivojlantirish,   axborot resurslari manbalaridan samarali foydalanishni tashkil etish;

d)   talabalar bilimini xolis va adolatli baholash hamda uning natijalarini vaqtida ma'lum qilish;

ye) talabalarning fanlar bo'yicha kompleks xamda uzluksiz  tayyorgarligini ta'minlash;

j) o'quv jarayonining tashkiliy ishlarini kompyuterlashtirishga sharoit yaratish.

3.    Fanlar bo'yicha talabalar bilimini semestrda baholab borish reyting nazorati jadvallari va baholash mezonlari asosida amalga oshiriladi.

 II. Nazorat turlari va uni amalga oshirish tartibi

4.   Nazorat turlari, uni o'tkazish tartibi va mezonlari kafedra mudiri tavsiyasi bilan   oliy   ta'lim   muassasasining   (fakultet)   o'quv-uslubiy   kengashida   muhokama qilinadi va tasdiqlanadi xamda xar bir fanning ishchi o'quv dasturida mashg'ulot turlari bilan birgalikda ko'rsatiladi.

5. Reyting  nazorati  jadvallari,  nazorat  turi,  shakli,  soni  hamda har  bir nazoratga  ajratilgan  maksimal  ball,  shuningdek  joriy   va oraliq  nazoratlarning saralash ballari haqidagi ma'lumotlar fan bo'yicha birinchi mashg'ulotda talabalarga e'lon qilinadi.

6. Talabalarning bilim saviyasi va o'zlashtirish darajasining Davlat ta'lim standartlariga muvofiqligini ta'minlash uchun quyidagi nazorat turlarini o'tkazish nazarda tutiladi:

joriy nazorat - talabaning fan mavzulari bo'yicha bilim va amaliy ko'nikma darajasini aniqlash va baxolash usuli. Joriy nazorat fanning xususiyatidan kelib chiqqan holda, seminar, laboratoriya va amaliy mashg'ulotlarida og'zaki so'rov, test o'tkazish, suhbat, nazorat ishi, kollokvium. uy vazifalarini tekshirish va shu kabi boshqa shakllarda o'tkazilishi mumkin;

oraliq nazorat - semestr davomida o'quv dasturining tegishli (fanning bir necha mavzularini o'z ichiga olgan) bo'limi tugallangandan keyin talabaning bilim va amaliy ko'nikma darajasini aniqlash va baholash usuli. Oraliq nazoratining soni (bir semestrda ikki martadan ko'p o'tkazilmasligi lozim) va shakli (yozma og'zaki, test va hokazo) o'quv faniga ajratilgan umumiy soatlar hajmidan kelib chiqqan holda belgilanadi;

yakuniy nazorat - semestr yakunida muayyan fan bo'yicha nazariy bilim va amaliy ko'nikmalarni talabalar tomonidan o'zlashtirish darajasini baholash usuli. Yakuniy nazorat asosan tayanch tushuncha va iboralarga asoslangan "Yozma ish" (tibbiyot oliy ta'lim muassasalari uchun "Yozma ish'' yoki OTKS (obyektiv tizimlashtirilgan klinik sinov)) shaklida o'tkaziladi.

Ta'lim yo'nalishi va mutaxassisliklari ayrim fanlarining xususiyatlaridan kelib chiqqan xolda fakultet Ilmiy kengashi qarori asosida ko'pi bilan 40% fanlardan yakuniy nazoratlar boshqa shakllarda (og'zaki, test va xokazo) o'tkazilishi mumkin.

7.   Oraliq  nazoratni  o'tkazish jarayoni  kafedra mudiri  tomonidan  tuzilgan komissiya ishtirokida davriy ravishda o'rganib boriladi va uni o'tkazish tartiblari buzilgan hollarda oraliq nazorat natijalari bekor qilinadi hamda oraliq nazorati qayta o'tkaziladi.

8. Oliy ta'lim muassasasi   rahbarining   buyrug'i   bilan   ichki   nazorat va monitoring bo'limi rahbarligida tuzilgan komissiya ishtirokida yakuniy nazoratni o'tkazish jarayoni davriy ravishda o'rganib boriladi va uni o'tkazish tartiblari buzilgan hollarda,  yakuniy nazorat natijalari bekor qilinadi hamda yakuniy nazorat qayta o'tkaziladi.

9.   O'quv yili tugaganidan keyin reyting nazorati natijalariga ko'ra talabalarni keyingi kursga o'tkazish to'g'risida belgilangan tartibda qaror qabul qilinadi.

III. Baholash tartibi va mezonlari

10. Talabalarning bilim saviyasi, ko'nikma va malakalarini nazorat qilishni reyting tizimi asosida talabaning xar bir fan bo'yicha o'zlashtirish darajasi ballar orqali ifodalanadi.

11. Har bir fan bo'yicha talabaning semestr davomidagi o'zlashtirish ko'rsatkichi 100 ballik tizimda butun sonlar bilan baholanadi.

Ushbu 100 ball nazorat turlari bo'yicha quyidagicha taqsimlanadi:

yakuniy nazoratga - 30 ball;

joriy va oraliq nazoratlarga - 70 ball (fanning xususiyatidan kelib chiqqan holda 70 ball kafedra tomonidan joriy va oralik nazoratlarga taqsimlanadi).

12. Joriy va  oraliq nazoratlarga  ajratilgan 70 ball Institutda  ilmiy kengashi qarori  bilan joriy nazoratga   30     ball, oraliq nazoratga  40      ball ajratish belgilangan.

13. Talabaning  reyting  daftarchasiga  alohida  kayd   qilinadigan  kurs   ishi (loyihasi, hisob-grafik ishlari), malakaviy amaliyot fan (fanlararo) bo'yicha yakuniy davlat attestasiyasi, bitiruv malakaviy ishi va magistratura talabalarining ilmiy-tadqiqot va ilmiy-pedagogik ishlari, magistrlik dissertasiyasi bo'yicha o'zlashtirish darajasi - 100 ballik tizimda baholanadi.

14.  Talabaning fan bo'yicha o'zlashtirish ko'rsatkichini nazorat qilishda quyidagi namunaviy mezonlar (keyingi o'rinlarda namunaviy mezonlar deb yuritiladi) tavsiya etiladi:

a)   86-100 ball uchun talabaning bilim darajasi quyidagilarga javob berishi lozim:

 xulosa va qaror kabul kilish;

ijodiy fikrlay olish;

 mustaqil mushohada yurita olish;

olgan bilimlarini amalda qo'llay olish;

mohiyatini tushunish;

bilish, aytib berish;

 tasavvurga ega bo'lish.

b)   71-85 ball uchun talabaning bilim darajasi quyidagilarga javob berishi lozim:

mustaqil mushohada yurita olish;

 olgan bilimlarini amalda qo'llay olish;

moxiyatini tushunish;

 bilish, aytib berish;

 tasavvurga ega bo'lish.

v)   55-70 ball uchun talabaning bilim darajasi quyidagilarga javob berishi lozim:

moxiyatini tushunish;

 bilish, aytib berish;

tasavvurga ega bo'lish.

g)   quyidagi hollarda talabaning bilim darajasi 0-54 ball bilan baholanishi mumkin:

aniq tasavvurga ega bo'lmaslik; bilmaslik.

15. Namunaviy mezonlar asosida muayyan fandan joriy va oraliq nazoratlar bo'yicha aniq mezonlar ishlab chiqilib, kafedra mudiri tomonidan tasdiqlanadi va talabalarga e'lon qilinadi.

16. Namunaviy mezonlarga muvofik mutaxassislik fanlar bo'yicha tayanch oliy ta'lim     muassasalari     tomonidan     yakuniy     nazorat     uchun     baholash     mezonlari ishlab    chiqilib,    oliy    ta'lim    muassasasi    Ilmiy-uslubiy    kengashi    tomonidan tasdiqlanadi va turdosh oliy ta'lim muassasalariga yetkaziladi.

17. Talabalarning o'quv fani bo'yicha mustaqil ishi joriy, oraliq va yakuniy nazoratlar jarayonida tegishli topshiriqlarni bajarishi va unga ajratilgan ballardan kelib chiqqan holda baholanadi.

18. Talabaning fan bo'yicha bir semestrdagi reytingi quyidagicha aniqlanadi;

 
  R= V * O`

      100

u yerda:

V- semestrda fanga ajratilgan umumiy o'quv yuklamasi (soatlarda); O' -fan bo'yicha o'zlashtirish darajasi (ballarda).

19.  Fan  bo'yicha joriy  va oraliq nazoratlarga ajratilgan  umumiy balning 55 foizi saralash ball hisoblanib, ushbu foizdan kam ball to'plagan talabalar yakuniy nazoratga kiritilmaydi.

Joriy va oraliq nazorat turlari bo'yicha 55 va undan yuqori balni to'plagan talaba fanni o'zlashtirgan deb xisoblanadi va ushbu fan bo'yicha yakuniy nazoratga kirmasligiga yo'l qo'yiladi.

20. Talabaning semestr davomida fan bo'yicha to'plagan umumiy bali xar bir nazorat turidan belgilangan qoidalarga muvofiq to'plagan ballari yig'indisiga teng.

IV. Nazorat turlarini o'tkazish muddati

21. Oraliq va yakuniy nazorat turlari kalendar tematik rejaga muvofiq dekanat tomonidan tuzilgan reyting nazorat jadvallari asosida o'tkaziladi. Yakuniy nazorat semestrning oxirgi 2 xaftasi mobaynida o'tkaziladi.

22. Talaba fan bo'yicha kurs loyihasi (ishi)ni ushbu fan bo'yicha to'plagan ballari umumlashtirilishiga qadar topshirishi shart.

23. Joriy va oraliq nazoratlarda saralash ballidan kam ball to'plagan va uzrli sabablarga   ko'ra   nazoratlarda   qatnasha   olmagan   talabaga   kayta   topshirish   uchun, navbatdagi  shu nazorat turigacha, so'nggi  joriy  va oraliq nazoratlar uchun yakuniy nazoratgacha bo'lgan muddat beriladi. Kasalligi sababli darslarga qatnashmagan hamda belgilangan muddatlarda joriy, oraliq va yakuniy nazoratlarni topshira olmagan talabalarga fakultet dekani farmoyishi asosida, o'qishni boshlaganidan so'ng ikki hafta muddatda topshirishga ruxsat beriladi.

24. Talabaning semestrda joriy va oraliq nazorat turlari bo'yicha to'plangan ballari ushbu nazorat turlari umumiy balining 55 foizidan kam bo'lsa yoki semestr yakunida joriy, oraliq va yakuniy nazorat turlari bo'yicha to'plangan ballari yig'indisi 55 baldan kam bo'lsa, u akademik qarzdor hisoblanadi.

Tibbiyot oliy ta'lim muassasalarida semestr yakunida fan bo'yicha joriy, oraliq yoki yakuniy nazorat turlarini har biri bo'yicha saralash balidan kam ball to'plagan talaba akademik qarzdor hisoblanadi.

Akademik qarzdor talabalarga semestr tugaganidan keyin kayta o'zlashtirish uchun bir oy muddat beriladi. Shu muddat davomida fanni o'zlashtira olmagan talaba, fakultet dekani tavsiyasiga ko'ra belgilangan tartibda rektorning buyrug'i bilan talabalar safidan chetlashtiriladi.

25. Talaba nazorat natijalaridan norozi bo'lsa, fan bo'yicha nazorat turi natijalari e'lon qilingan vaqtdan boshlab bir kun mobaynida fakultet dekaniga ariza bilan murojaat etishi mumkin. Bunday holda fakultet dekanining taqdimnomasiga ko'ra rektor buyrug'i bilan 3 (uch) a'zodan kam bo'lmagan tarkibda apellyasiya komissiyasi tashkil etiladi.

Apellyasiya komissiyasi talabalarning arizalarini ko'rib chiqib, shu kunning o'zida xulosasini bildiradi.

26. Baholashning o'rnatilgan talablar asosida belgilangan muddatlarda o'tkazilishi hamda rasmiylashtirilishi fakultet dekani, kafedra mudiri, o'quv bo'limi hamda ichki nazorat va monitoring bo'limi tomonidan nazorat qilinadi.

 V. Reyting natijalarini qayd qilish va tahlil etish tartibi

27. Talabaning fan bo'yicha nazorat turlarida to'plagan ballari semestr yakunida reyting qaydnomasiga butun sonlar bilan qayd qilinadi. Reyting daftarchasining "O'quv rejasida ajratilgan soat" ustuniga semestr uchun fanga ajratilgan umumiy  o'quv yuklama soatlari, "Fandan olingan baho" ustuniga esa 100 ballik tizimda o'zlashtirishi qo'yiladi.

Talabaning saralash ballidan past bo'lgan o'zlashtirish reyting daftarchasiga qayd etilmaydi.

28. Har bir fan bo'yicha o'tkaziladigan nazorat turlarining natijalari guruh jurnali hamda qaydnomada qayd etiladi va shu kunning o'zida (nazorat turi yozma ish shaklida o'tkazilgan bo'lsa, 2 (ikki) kun muddat ichida) talabalar e'tiboriga yetkaziladi.

29. Yakuniy nazorat natijalariga ko'ra fan o'qituvchisi talabalarning fan bo'yicha reytingini aniqlaydi hamda reyting daftarcha va qaydnomaning tegishli qismini to'ldiradi.

30. Talabaning reytingi uning bilimi, ko'nikmasi va malakalari darajasini belgilaydi. Talabaning semestr (kurs) bo'yicha umumiy reytingi barcha fanlardan to'plangan reyting ballari yig'indisi orqali aniqlanadi.

31. Talabalar umumiy reytingi har bir semestr va o'kuv yili yakunlangandan so'ng e'lon qilinadi.

32. Diplom ilovasi yoki akademik ma'lumotnomani dekanat tomonidan rasmiylashtirishda fan bir necha semestr davom etgan bo'lsa, reytinglar yig'indisi olinadi.

Talabaga imtiyozli diplom belgilashda uning har bir semestr yakunidagi fanlar bo'yicha o'zlashtirish ko'rsatkichi hisobga olinadi.

33. Talabalarning nazorat turlari bo'yicha erishgan natijalari kafedralar dekanatlar va o'quv-metodik bo'linmalarida kompyuter xotirasiga kiritilib, muntazam ravishda tahlil qilib boriladi.

34. Joriy oraliq va yakuniy nazorat natijalari kafedra yig'ilishlari, fakultet va oliy ta'lim muassasasi Ilmiy kengashlarida muntazam ravishda muhokama etib boriladi va tegishli qarorlar qabul qilinadi.

VI. Yakuniy qoidalar

35. O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi hamda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi xuzuridagi Davlat test markazi test baholari va reyting ballarining xolisligini tekshirishni tashkil etadi va nazorat qiladi.

36. Ushbu Nizomda belgilangan masalalar bo'yicha kelib chiqqan nizolar qonun hujjatlari asosida hal qilinadi.

37. Ushbu Nizom O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi xuzuridagi Davlat test markazi, Xalq ta'limi vazirligi, Sog'liqni saqlash vazirligi, Qishloq va suv xo'jaligi vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, O'zbekiston Badiiy akademiyasi, Tashqi ishlar vazirligi, O'zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi, "O'zbekiston temir yo'llari" davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, Davlat soliq ko'mitasi va Navoiy kon-metallurgiya kombinati bilan kelishildi.

 
« Oldingi   Keyingi »
Oxirgi yangiliklar
Ma'lumotlar bazasi
1. Elektron o'quv-uslubiy majmualar.
2. O'quv jarayoni monitoringi avtomatlashtirilgan axborot tizimi.
3. Ilmiy ishlarni monitoringini yuritish dasturi.
4. Xodimlar ma'lumotlar bazasi.